Hindistonning nufuzli tibbiyot tarmoqlaridan biri bilan tajriba almashildi
Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi hamda Tibbiyot tashkilotlari assotsiatsiyasi vakillari xizmat safari doirasida Hindistonda boʻlib, “Max Hospitals Group” korporatsiyasining Nyu Delidagi klinikalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuvlar davomida:
zamonaviy davolash usullari;
bemor xavfsizligini taʼminlashning ilgʻor amaliyotlari;
akkreditatsiya va sifat menejmenti tizimlari boʻyicha tajribalar oʻrganildi.
Tomonlar, shuningdek oʻzaro hamkorlik doirasida litsenziyalash va akkreditatsiya sohasida tajriba almashish, oʻzbekistonlik shifokorlar uchun malaka oshirish kurslari va amaliy treninglar tashkil etish masalalarini muhokama qildi.
Maʼlumot uchun, “Max Hospitals Group” – Hindistonning nufuzli tibbiyot tarmoqlaridan biri bo‘lib, onkologiya, kardiologiya, neyroxirurgiya, transplantatsiya, ortopediya kabi sohalarda yuqori texnologiyali xizmatlar koʻrsatadi. Korporatsiyaga qarashli klinikalar JCI (Joint Commission International) kabi xalqaro akkreditatsiyalardan muvaffaqiyatli oʻtgan.